Kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan xonadon: bu nimani anglatadi va xarid oldidan qaysi hujjatlarni tekshirish kerak?

Menejer uy foydalanishga topshirilganini yoki kadastr hujjatlari tayyorligini aytmoqda. Bu nimani anglatadi? Xonadonni o‘z nomingizga rasmiylashtirish mumkinmi va xarid qilishdan oldin qaysi hujjatlarni tekshirish kerak?
Keling, ko‘chmas mulkni rasmiylashtirishning asosiy bosqichlarini sodda tilda ko‘rib chiqamiz.
Uy foydalanishga topshirildi, kalitlar olindi — keyin nima bo‘ladi?
Foydalanishga topshirish dalolatnomasi — qurilishi yakunlangan obyektning qabul qilinganligini tasdiqlovchi va undan belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat beruvchi hujjat.
Kadastr pasporti — ko‘chmas mulk obyekti haqidagi umumiy ma’lumotlar va uning kadastr raqamini o‘z ichiga olgan hujjat.
Uchta bosqichni farqlash muhim:
• Kalitlarni topshirish. Xaridor kalitlarni topshirish jarayoni boshlanganligi haqida rasmiy SMS-xabarnoma olgach, shartnoma shartlariga muvofiq xonadonni qabul qilib oladi va ta’mirlash ishlarini boshlaydi.
• Hujjatlarni topshirish. Mulkni keyinchalik rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan foydalanishga topshirish dalolatnomasi va boshqa hujjatlar bilan bog‘liq jarayonlar yakunlanadi.
• Mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish. Mulkdor haqidagi ma’lumotlar davlat reyestriga kiritiladi. Tabriklaymiz, xonadon rasman sizning mulkingizga aylanadi!
Kalitlarni topshirishning o‘zi mulk huquqining ro‘yxatdan o‘tkazilganini anglatmaydi. Mulk huquqini rasmiylashtirish ketma-ketligi obyekt va bitim shartlariga bog‘liq.
Shartnomada nimalarga e’tibor berish kerak?
Imzolashdan oldin quyidagilarni tekshiring:
1. Xonadonning tavsifi: manzili, raqami, qavati va maydoni.
2. Narxi: shartnomada ko‘rsatilgan summa hamda maydon oshishi yoki kamayishi natijasida narx qayta hisoblanadigan holatlar.
3. Tomonlarning javobgarligi: shartnoma shartlari buzilgan taqdirda yuzaga keladigan oqibatlar.
Agar biror band tushunarsiz bo‘lsa, Aholini joylashtirish markazi menejeridan tushuntirish so‘rang.
Rasmiylashtirish bilan kim shug‘ullanadi?
Oldi-sotdi shartnomasi Aholini joylashtirish markazi menejeri ishtirokida tuziladi. U sizga rasmiylashtirishning mumkin bo‘lgan usullari, qanday hujjatlar talab etilishi, jarayon qancha vaqt olishi va qanday xarajatlar nazarda tutilganini tushuntiradi.
Asosiy xulosa
Qurilishning yakunlanishi, kalitlarning topshirilishi va mulk huquqining ro‘yxatdan o‘tkazilishi — turli bosqichlardir.
Xonadon xarid qilishdan oldin nafaqat qanday xonadonni sotib olayotganingizni, balki obyekt yuridik jihatdan qaysi bosqichda ekanini ham tushunish muhim. Shartnomani imzolashdan oldin quruvchiga savollar bering va hujjatlarni tekshiring.
Manbalar:
O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonuni (2022-yil 28-noyabr).
O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi.
Amaldagi tahriri: 2021-yil 22-fevraldagi O‘RQ-676-sonli “Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun.